En
18 Oktyabr 2023 701

IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQALGAN VIDEO YUZASIDAN RASMIY BAYONOT

Joriy yilning 17-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (keyingi matnlarda - TSMRI)da 600 nafardan oshiq talaba kursdan-kursga o‘tishlarida muammoalar yuzaga kelayotgani yuzasidan xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz: 

TSMRI 2007-yil 5-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-691-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Buyuk Britaniyaning Bangor (Bangor University), Sanderlend (University of Sunderland) va Tissayd (Teesside University) universitetlarining umumiy 15 ta bakalavr va 3 ta magistratura yo‘nalishdagi ta’lim dasturlari asosida malakali mutaxassislarni mehnat bozoriga tayyorlab kelmoqda. Mazkur ta’lim dasturlari asosida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Buyuk Britaniya universitetlari tomonidan taqdim etiladigan xalqaro diplom beriladi.

Ta’lim jarayonlari to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etilishi bilan bir qatorda, institutda talabalarning o‘quv jarayonlari davomida yuqorida qayd etilgan Buyuk Britaniya universitetlari ta’lim dasturlari asosida tasdiqlangan “Akademik nizom talablari”ga to‘liq rioya etgan holda o‘qishlari talab etiladi. 

Mazkur ta’lim tizimiga ko‘ra talabaga fanni o‘zlashtirish uchun jami 4 marotaba imkoniyat beriladi:

1. Main Examination (semestr yakunida asosiy imtihon)

2. Supplementary Examination (qayta topshirish imtihoni)

3. Remodule   main Examination (fanni o‘zlashtirish uchun keyingi o‘quv yilida qayta o‘qish va o‘quv jarayoni yakunida asosiy imtihon)

4. Remodule supplementary Examination (qayta o‘qishga qolgan fandan qayta topshirish imtihoni)

Ma’lumot uchun, institutda bir yillik o‘quv shartnoma to‘lovi 32 mln. 256 ming so‘mni tashkil etadi. Qayta o‘zlashtirishga qolgan talaba faqatgina qayta o‘qiyotgan fani uchun to‘lovni amalga oshiradi.

Ushbu imkoniyatlardan so‘ng ham talaba fanni o‘zlashtira olmasa, talabalar safidan chetlashtirilishi belgilangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qayta o‘zlashtirish imtihonlaridan o‘ta olmagan, shuningdek, o‘quv jarayonlari bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan markaziy ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limiga murojaat qilgan talabalarni ko‘rish mumkin.

Videoda 600 nafardan ortiq ekanligi aytilgan talabalar Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida TSMRIda bakalavr bosqichida tahsil olayotgan “Akademik nizom talablari”ga rioya etmagan talabalar hisoblanadi.

2022-2023 o‘quv yilida Buyuk Britaniyaning Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida 2313 nafar talaba tahsil olgan bo‘lib, shundan 532 nafari akademik nizom talablarini qo‘pol ravishda buzgan  (kurs ishlarida me’yordan ko‘p plagiat qayd etilishi – “plagiarism”  hamda ko‘chirmakashlik qilish yoki shpargalkalardan foydalanish holati – “cheating”). 

Ushbu masala bo‘yicha Sanderlend universiteti akademik kengashi tomonidan har bir talaba holatiga individual yondashgan holda puxta o‘rganib chiqiladi va akademik huquqbuzarligi tahlil qilinadi.

Hozirda hamkor universitetlar tomonidan olib borilayotgan o‘rganish natijalari to‘g‘risida bir necha kun ichida talabalarga ma’lum qilinadi.

Talabalarning statuslari (fanni o‘zlashtirganlik holati) aniq bo‘lgunga qadar, vaqt yo‘qotmaslik maqsadida mazkur talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etilib, ular tegishli fanlarga yo‘naltirildi. Hozirda talabalar o‘quv jarayonlarida ishtirok etishmoqda.

Ma'lumot uchun, Buyuk Britaniya ta’lim standartlari asosida TSMRIda o‘quv mavsumi har yili oktabr oyidan boshlanadi.

Yakuniy so‘z o‘rnida shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘z faoliyatini xalqaro ta’lim standrtlari asosida shaffof tarzda amalga oshiradi hamda yurtimiz kelajagiga zamonaviy fikrlaydigan malakali mutaxassislarni yetkazib berish mas’uliyatini chuqur his qilgan holda, kelgusidagi ta’lim jarayonlarini ham yuqori saviyada 

va xalqaro andozalarga asoslangan holda amalga oshiradi.

APPLY NOW
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech