En

Institutning yaratilish tarixi

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (Singapur Respublikasi)ning birinchi chet el kampusidir. Uning yaratilish tarixi 2007-yil yanvar oyida, O'zbekiston Respublikasining  Prezidenti Singapur Respublikasining Prezidenti Janobi Oliylari S.R. Natanning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Singapurga borganiga taqaladi.2007-yil may oyida O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi MDIS rahbariyatini banklar chakana savdosi bo'yicha mintaqaviy konferentsiyada ishtirok etishga taklif qildi. Ushbu rasmiy tashrifdan so'ng O’BA (O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi) va MDIS o'rtasida O’BA xodimlarini Singapurda o'qitish bo'yicha muhokamalar boshlandi. Natijada O’BA delegatsiyasi ushbu taklifni muhokama qilish uchun institutga tashrif buyurdi. MDISda bo‘lib o‘tgan dastlabki munozaralarda O'zbekistonda Singapur o‘quv dasturlarini olib borish, Singapurda malaka oshirish va diplom olish taklif qilindi. Keyinchalik, tomonlar to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston Respublikasi hududida o'quv dasturlarini yaratish va shu sohani rivojlantirishga e'tibor qaratishdi.

Shunday qilib, TSMRI O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining 05.09.2007-yildagi PQ-691-sonli Farmoniga binoan oliy ta’lim sifatiga qo‘yilgan xalqaro talablarga, shuningdek milliy maqsad va vazifalariga va O'zbekiston Respublikasi kadrlarini tayyorlash milliy dasturiga muvofiq bakalavriat va magistratura dasturlarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi tomonidan talabalarining yarmidan ko'pi uchun grantlar, hamda O'zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan uzoq muddatli imtiyozlar yaratishga qaror qilindi. Birinchi o’quv yili uchun qabul 2008-yil bakalavriatning ikki yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi va jami 225 talaba qabul qilindi.

Rivojlanish

TSMRI talabalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos ravishda tarbiyalaydigan, mamlakat uchun  jismoniy va ma'naviy sog'lom avlodni yetishtirib beradigan muassasaga aylanishi bilan bir qatorda talabalar uchun munosib muhit yaratishga alohida e'tibor qaratdi. TSMRI instituti kampusi xalqaro standartlarga muvofiq qurilgan va 5,7 gektardan ziyod yerni o'z ichiga oladi. Talabalar foydalanishi uchun zamonaviy o'quv xonalari va ma'ruza zallari, kompyuter laboratoriyalari, mehmondo'stlik va turizmni o'rganish laboratoriyasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, sport markazi mavjud bo'lib, unda tennis korti, futbol maydonchasi, yopiq basketbol va voleybol maydonlari ham joy olgan. Eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan mashg’ulotlar zali va yopiq basseyn alohida e'tiborga loyiq. Shuningdek, TSMRI xorijiy talabalarni va O'zbekistonning turli hududlaridan kelgan talabalarni qulay yotoqxona bilan ta'minlaydi.

Qisqa vaqt mobaynida institut katta yutuqlarga erishdi va bir qator yangiliklarni kiritdi: onlayn tarzda hujjatlarni qabul qilish va ichki jarayonlarni boshqarish; yo'nalishlar va o'quv dasturlari sonining ko'payishi; O'zbekistonda birinchi xorijiy MBA (Biznes boshqaruvi bo‘yicha magistratura) dasturlarini taqdim etish kabilar yaqqol misol bo‘la oladi. Shunday qilib, 2020-yilda TSMRI tomonidan taqdim etilgan ta'lim dasturlarining umumiy soni bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 15 ta va magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 5 tani tashkil etadi, talabalarning umumiy soni esa hozirgi vaqtda 5100 dan ortiq.

Ta'kidlash joizki, so'nggi o'n besh yil ichida institut jamoasi xalqaro ta'lim standartlarini joriy etish, ta'lim yo'nalishlari sonini ko'paytirish va ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo'yicha bir qator ishlarni amalga oshirdi, shu bilan birga, bitiruvchilarning ish bilan bandlik ko‘rsatkichlari (dastlabki 6 oy ichida 93% gacha) va ish beruvchilar tomonidan bitiruvchilarga bo‘lgan talab ham yuqori.

Shuningdek, TSMRI ISO 9001: 2015 tizimi bo'yicha xalqaro sifat sertifikati standartlariga javob beradi va 2016-yildan to hozirgi kunga qadar doimiy ravishda sertifikatlash jarayonidan o‘tib keladi. Mazkur sertifikatlash tizimi oliy ta'lim sohasida ta'lim xizmatlarini ko'rsatishni ham o'z ichiga oladi. TSMRI xalqaro ISO 9001: 2015 standarti talablariga muvofiq sifat sertifikati bilan taqdirlangan O'zbekistondagi birinchi xalqaro universitet hisoblanadi.

O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi bilan qo'shma loyihalar

O’BA rahbariyatining doimiy ko'magi va ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi tashabbuslar uchun yaratilgan qulay sharoitlar yordamida amalga oshirilayotgan qator loyihalarni sanab o‘tish mumkin:

2011-yildan buyon TSMRI O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi tijorat banklari xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etib kelyapti. Ayni paytda 57ta kurs o'tkazildi va 700dan ortiq xodimlar “Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq xalqaro buxgalteriya hisobi”, “bank ishi xalqaro standartlari” kabi dasturlar bo‘yicha sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar.

Bundan tashqari, O’BAning faol ko'magi bilan institutda 2020-yil avgust oyidan boshlab xalqaro moliyaviy hisobot standartlari, soliq, moliya va boshqa tegishli sohalar bo'yicha onlayn kurslar o'tkazilmoqda.

Shuningdek, O’BA rahbariyatining taklifiga binoan TSMRI tomonidan bank va moliya sohasidagi dolzarb mavzular ro‘yxati ishlab chiqildi va amaliy tadqiqotlar o'tkazish uchun magistratura va bakalavriat dasturlarining moliyaviy yo'nalishlarida tahsil oluvchi talabalar jalb etildi.

Yangi o‘quv binosini qurish ishlari ham jadal olib borilyapti. Tobora ortib borayotgan talabalar va fakultetlar sonini inobatga olgan holda 2018-yilda yangi to'rt qavatli TSMRI o'quv binosining qurilish ishlari boshlab yuborildi va 2020-yil oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan bir qatorda, talabalar turar joyi va sport inshootlarini ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanishning innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda TSMRI kampusini elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlash maqsadida yangi o'quv binosi tomida quyosh fotoelektr stantsiyasi qurildi va bu ham yirik qo‘shma loyihalardan biridir.

Shuningdek, O’BA rahbariyati tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab TSMRIda akademik jihatdan muvaffaqiyatli va iqtidorli talabalarni rag'batlantirish tizimi joriy etiladi.

APPLY NOW
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech